Andijon viloyatida 74 nafar tibbiyot xodimi koronavirusga chalingan. Bu haqda Andijon viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, viloyatda shu kunga qadar 102 nafar fuqaroning koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganligi qayd etilgan. Ulardan 74 nafari bevosita tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar (shifokor, hamshira, kichik tibbiy xodim va xo‘jalik bo‘lim xodimlari), 15 nafari boshqa kasb egalari va 13 nafari voyaga yetmagan shaxslar.

Virus bilan kasallangan fuqarolar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Shifoxonada bemorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, shu bilan birga, ular zarur dori-darmonlar, himoya vositalari bilan ham to‘la ta’minlangan, deyiladi xabarda.

Viloyatda 13 aprel kuni 4 nafar bemor (1 nafar shifokor, 2 nafar hamshira, 1 nafar kichik tibbiy xodim) kasallikdan to‘la sog‘aydi. 14 aprel holatiga ko‘ra viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus bilan kasallangan 98 nafar fuqaro davolanmoqda.