14 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Nikolay Petrovich Doroshenkoni Ukrainaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinladi. Tegishli farmon davlat rahbarining veb-saytida e’lon qilindi.

Diplomat o‘zining tayinlovini Feysbukda quyidagicha izohlagan:

«Men Prezident [Vladimir] Zelenskiy va tashqi ishlar vaziri [Dmitriy] Kulebaga xalqaro maydonda Ukraina davlatini himoya qilishda menga ishonch bildirganlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Yaqinda vazir haqli ravishda „biz mudrab yotganimizda, dunyo Sharq tomon yo‘nalishini oldi“, deya ta’kidladi. O‘zbekiston ham iqtisodiy istiqbolga va madaniy ahamiyatga ega Sharq va Osiyo mamlakatidir. Men Ukraina-O‘zbekiston munosabatlarida yangi bosqichni, o‘zaro manfaatli, pragmatik va katta salohiyatli ishlarni boshlashga tayyorman!»

Nikolay Doroshenko Tashqi ishlar vazirligi tizimida, Ukraina Prezidenti ma’muriyati va Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashida ishlagan. U Ukrainaning Rossiyadagi elchixonasida elchi maslahatchisi va maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchi sifatida faoliyat yuritgan. 2015 yildan 2017 yilgacha u Ukrainaning Qirg‘izistondagi elchisi bo‘lib ishlagan, so‘ngra tashqi ishlar vazirligining markaziy apparatiga xizmatga qaytgan.

Ukrainaning avvalgi elchisi Yuriy Savchenko sakkiz yillik missiyasini 2019 yil mart oyida yakunlagan. Shundan beri Ukraina diplomatik vakolatxonasini muvaqqat ishlar vakili Denis Pogrebnoy boshqarib kelgan.