15 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1214 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni esa hozirda 99 kishini tashkil etmoqda. To‘rt kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan 102 bemorning 27 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 2 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli nisbatan og‘ir va yana 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 100 bemordan 3 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.

Hozirgi vaqtga kelib, 82 ming fuqaromiz karantin muddatini o‘tayapti. Ularning 22 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitida, 60 mingdan ko‘prog‘i uy sharoitida karantinda turibdi.

Ma’lumot uchun, AQSHdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘ylab 1,98 milliondan ziyod odamlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ulardan 487,471 nafari sog‘aygan va 126,722 nafari vafot etgan.