O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hayati 2020 yil uchun zakot miqdorini ma’lum qildi, deya xabar berdi O‘zA.

Fatvo hay’ati 1 gramm tilloning bugungi kundagi o‘rtacha narxi 250 000 (ikki yuz ellik ming) so‘m ekanini e’tiborga olib, milodiy 2020 yil (hijriy 1441 yil) uchun ZAKOT nisobini (85 g. tillodan) 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘m deb belgiladi. Mazkur qiymatning qirqdan biri (1/40), ya’ni zakot uchun chiqariladigan qismi 531 250 (besh yuz o‘ttiz bir ming ikki yuz ellik) so‘mga teng bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘mdan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan musulmon kishi, jami mablag‘ining qirqdan biri (1/40)ni zakot sifatida kambag‘al va faqirlarga berishi farzdir.

Odatda, har yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan nisob miqdori Ramazon oyida e’lon qilinar edi. Lekin, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus pandimeyasi tarqalishining oldini olish maqsadida, yurtimizda karantin e’lon qilinishi sababli, zaruratsiz uydan tashqariga chiqish mumkin bo‘lmay qoldi.

Tabiiyki, bunday paytda aholining moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan qismini qo‘llab-quvvatlashning zarurati tug‘ildi va ayni paytda bu ajr-savobi ko‘p bo‘lgan amaldir. Mana shunday vaziyatda moli nisobga yetgan boy-badavlat kishilar mollarining zakotini ham haqdorlarga berishlari ayni savobli amallar sirasiga kiradi, deyiladi fatvo hayati xabarida.

Mazkurlarni inobatga olgan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati zakot nisobini Sha’bon oyida chiqarishga qaror qildi.