Tuman (shahar) hokimlarining qishloq xo‘jaligi ekin turlarini va yetishtiriladigan mahsulot prognoz ko‘rsatkichlarini mahalla fuqarolar yig‘ini kesimida belgilashni nazarda tutuvchi qarorlari qabul qilinadi. Vazirlar Mahkamasining 14 apreldagi qarorida bu haqda so‘z boradi, deya xabar qildi Adliya vazirligi.

Tuman (shahar) hokimlari qarorlarida, shuningdek, tomorqasiga ekin ekmagan yer egasiga yer solig‘ini oshirilgan stavkada qo‘llash masalalari nazarda tutiladi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, tomorqa yer uchastkalariga suv yetkazib berish maqsadida sug‘orish quduqlarini qazish loyihalariga ekologik ekspertiza xulosasi va gidrogeologik xulosalar bepul beriladi.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalari meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalariga ixtiyoriy asosda biriktiriladi.

Klaster va kooperatsiyalarga biriktirilgan dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalariga prezidentning tegishli qarorida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etiladi.

Shuningdek, ekin ekmagan tomorqa yer egalarini ma’muriy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 8 aprelda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tomorqalarni dronlar yordamida monitoring qilish, ogohlantirishdan keyin ham tomorqasiga ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llashga ko‘rsatma bergan edi.