Karantin tadbirlari e’lon qilingan vaqtdan 14 aprel kuniga qadar karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq jami — 59 921 ta holat aniqlangan. Bu haqda ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Hududlar taqsimida aksariyat qoidabuzarliklar Toshkent shahrida (10 100 ta holat), Toshkent viloyatida (8588) va Farg‘ona viloyatida (8644) qayd etilgan. Eng kam qoidabuzarliklar esa Surxondaryo (2053), Xorazm (1997) va Navoiy viloyatlarida (671) sodir etilgan.

Ma’lum qilinishicha, karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilmaslik yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bir qator shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ular qatorida tibbiy niqob taqmasdan yurganlik, ruxsatnomasiz o‘z transportlarida bemaqsad yurganlik, spirtli ichimlik ichib, karantin qoidalarini buzganlik va boshqa qoidabuzarliklar kuzatilgan.

Xususan,13 aprel kuni Sirdaryo viloyati, Sayxunobod tumani, «Nurobod» mahallasi, Muqimiy ko‘chasida yashovchi 1988 y.t. Sh. K. IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan karantin qoidalarini buzib, mast holatda mayda bezorilik sodir qilganligi uchun, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54, 183, 187 va 194-moddalari asosida ma’muriy hujjatlar rasmiylashtirilgan.