Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.

«Kundalik matbuotdan xabaringiz bor, butun dunyoda, jumladan respublikamizda ham kasallikka chalinganlar soni tobora ko‘payib borayotgani barchamizdan, butun xalqimizdan hushyorlik va ogohlikni keskin kuchaytirishni, karantin bilan bog‘liq joriy etilgan barcha tartib-qoidalarga so‘zsiz va qat’iy amal qilishni talab etmoqda», — dedi davlat rahbari.

Prezident mamlakat bo‘ylab karantinga olingan 222 ming nafar kishidan 141 ming nafariga javob berilganini eslatib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev tegishli vazirlik va idoralar ko‘rishi kerak belgan choralarni yana eslatib o‘tdi.

«Birinchidan, biz pandemiya bilan bog‘liq jarayonlarning izidan quvib emas, balki uning barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni va barcha resurslarimizni safarbar etishimiz zarur», — dedi prezident.

Bundan tashqari, mavjud vaziyatni har tomonlama chuqur tahlil qilib, bo‘lajak xavf-xatarlarni, ular bilan bog‘liq muammolarni oldindan prognoz qilish va ularning yechimiga aniq reja va puxta choralar bilan tayyor turish zarurligi eslatildi.

Uchinchidan, bu kasallikni yengish uchun barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishi kerakligi aytildi. «Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Isroil, Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiyaning yetakchi mutaxassislari bilan bemorlarni davolash bo‘yicha telemeditsina orqali olib borayotgan muloqotlarimizni boshqa ilg‘or davlatlar bilan ham kengaytirishimiz, ularning tavsiyalarini o‘zimizda faol joriy etishimiz shart», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

To‘rtinchidan, Respublika komissiyasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birga, joylardagi hokimlar, sektorlar rahbarlarining koronavirus tarqalishi oldini olish hamda uning iqtisodiyot va insonlar hayotiga salbiy ta’sirini imkon qadar cheklash uchun mas’uliyatini yanada oshirish choralarini kuchaytirishi kerakligi ta’kidlandi.

«Ayni paytda, kam ta’minlangan, ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarga muruvvat va saxovat ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish, bu kabi ezgu tashabbuslarni ko‘paytirish joylardagi barcha mutasaddi rahbarlarning asosiy vazifalaridan biri bo‘lmog‘i lozim», — deya ta’kidladi prezident.

«Biz karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat, har tomonlama chuqur o‘ylab va tahlil qilib, albatta, ko‘rib chiqamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.