Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga yordam beradi. Bu haqdagi prezident qarori 10 aprel kuni imzolandi.

6 yilga mo‘ljallangan (2020−2025 yillar) ushbu loyihaning umumiy qiymati 338 mln dollarga baholangan. Mablag‘ning 213 mln dollari JICA tomonidan qarz sifatida beriladi, 59 mln dollar soliq va bojxona imtiyozlari sifatida O‘zbekiston tomonidan taqdim etilsa, qolgan 65,5 mln dollar ishtirokchilar tomonidan qoplanishi kutilmoqda.

JICA tomonidan ajratiladigan mablag‘ning asosiy qismi (196,6 mln dollar) tijorat banklariga kredit liniyalari sifatida beriladi. 9,6 mln dollar konsalting xizmatlariga sarflanadi.

Mahalliy hokimliklar tegishli idoralar va banklar bilan hamkorlikda iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lgan va kreditga muhtoj bo‘lgan tadbirkorlar ro‘yxatini tuzishadi.

JICA tomonidan berilgan qarz hisobiga sotib olinadigan tovarlar, xizmatlar, ishlar va transport vositalari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha xarajatlar bundan mustasno). Mamlakat hududida ushbu loyiha doirasida sotib olinadigan mahsulot va xizmatlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

Loyihani amalga oshirish, boshqarish, monitoring qilish va baholash Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligiga yuklatildi. JICA tomonidan ajratiladigan qarz O‘zbekiston Milliy bankiga o‘tkaziladi. Ushbu mablag‘lar tijorat banklariga kredit tarzida AQSH dollarida yoki o‘zbek so‘mida o‘tkazib beriladi. Valyuta bo‘yicha xatarlar esa respublika byudjetidan qoplanadi.

Loyiha mamlakatning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladi.