Chernobil zonasidagi yong‘in AESning radiatsiyaviy chiqindilar omboriga yaqinlashdi. Bu haqda Ukrainaning Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, 14 aprel kuniga qadar Chernobil zonasida yong‘inni o‘chirish tadbirlari o‘ninchi kun davom etmoqda. Shu vaqtgacha yong‘in 200 gektardan ortiq o‘rmonni yo‘q qilib, ayni paytda u yuqori radioaktiv chiqindilar omborxonalarga yaqinlashmoqda. Jumladan, Chernobil-2 harbiy shaharchasining hududi butunlay yondi, Chernobil shahri esa qattiq jabrlandi.

O‘z navbatida, mamlakat IIV har uchala yadroviy yonilg‘i ombori xavfsiz holatda ekanini ma’lum qildi.

Yong‘inning asosiy sababi qasddan o‘t qo‘yish deya hisoblanmoqda. Bu masala bo‘yicha Ukraina ichki ishlar organlari tomonidan 2 nafar shaxs qo‘lga olingan. Ulardan biri Kiyev viloyati Ragovka qishlog‘ining 27 yoshli fuqarosi ekanligi aniqlandi. Ushbu shaxs ermak uchun bir necha joyda o‘tlarni yoqqani, shundan keyin kuchli shamol tufayli kuchaygan olovni to‘xtata olmaganini ma’lum qilgan.


Shuningdek, yong‘in markazida radiatsiya darajasi oshgan haqida asossiz xabarlar tarqalgan sababli Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati va Kiyev viloyatidagi radiatsion fon me’yoriy kchegaralarda ekanni hamda tabiiy ko‘rsatkichlardan oshmaganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, yong‘in keng tarqalishining oldini olish uchun 415 kishi va 98 dona texnika, shu jumladan 3 ta AN-32P samolyoti va 3 ta vertolyot jalb etilgan.

Ma’lumot uchun, yong‘in 4 aprel kuni boshlanib, hozirda uning zarari o‘n millionlab grivnadan ziyodga baholanmoqda.