Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida ilk bor koronavirus infeksiyasiga chalingan 10 nafar bemor butkul sog‘aydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Sog‘ayganlar sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘aygan bemorlarning 3 nafari erkak, 7 nafari ayollardir. Ulardan 6 nafari Toshkent shahridan, 3 nafari Toshkent viloyatidan va 1 nafari Samarqand viloyatidan. Bemorlardan ikki nafari joriy yil 28 mart kuni charter reys orqali Turkiyadan Toshkentga kelgan. Qolgan sakkiz nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Ular orasida eng yoshi kattasi 62 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 5 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ularning xastalikdan butkul forig‘ bo‘lganini ko‘rsatdi. Ushbu jarayonda mazkur klinika jamoasi birdamligi, mahorati va tajribasi hal qiluvchi rol o‘ynadi.

Ayni paytda qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 99 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.