O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi a’zolari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari va ko‘ngilli yoshlar ishtirokida vatanparvar blogerlar virtual guruhini tashkil etish mo‘ljallanmoqda. Ushbu taklif Ichki ishlar vazirligi tomonidan muhokama uchun joylashtirilgan prezident qarori loyihasida bildirilgan.

Ushbu guruh yordamida ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy fikrlarni aniqlash hamda tarmoq foydalanuvchilarini ularning ta’sir doirasiga tushib qolishlarining oldini olish maqsadida bildirilayotgan salbiy fikrlarga murosasizlik muhitini yaratish rejalashtirilgan.

“Gazeta.uz” ushbu masala bo‘yicha Yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa’dullayev bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha ushbu loyihani ishlab chiqishga Yoshlar ittifoqining mutlaqo aloqasi yo‘q. Ittifoq ushbu bandni rasman rad etgan.

Loyihada aytilishicha, ushbu choralar “ta'lim muassasasi — oila — mahalla” hamkorlik tizimi asosida ta’lim oluvchilarning g‘ayriijtimoiy va huquqbuzarlik sodir etishga moyil xulq-atvorini bartaraf etishga xizmat qiladi.

Shuningdek, qaror loyihasida oliy ta’lim muassasalarida voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha inspektor lavozimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

OTMlardagi voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha inspektor lavozimi oliy ta’lim muassasasining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan joriy etiladi. Ular tegishli OTM bilan bir vaqtda, ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalariga ham hisobdor bo‘lishadi.

Bundan tashqari, 1 iyuldan boshlab yuridik shaxs tashkil etmagan holda IIV huzurida Voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash tizimini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilishi kutilmoqda.

Jamg‘arma mablag‘lari ichki ishlar organlari voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash bo‘linmalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda xodimlarini rag‘batlantirish, ularning kasbiy tayyorgarligini oshirish, xorijiy tajribani o‘rganish va boshqa maqsadlarda ishlatilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi huzurida Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va tegishincha yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tashkil etiladi.

Bandligi ta’minlanmagan yoshlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni va chet tillarini o‘rgatish ishlari tashkil etiladi. Ushbu tizimlar davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bandligi ta’minlanmagan yoshlarni haq to‘lanadigan ishlarga, shu jumladan mavsumiy ishlarga uyushgan holda jalb qilish ham rejalashtirilgan.