3 yanvar kuni Karre Amsterdam teatridagi chiqishi paytida o‘n metr balandlikdan qulab tushgan o‘zbekistonlik havo gimnastikachisi Kristina Vorobyova sog‘aymoqda. Bu haqda uning fizioterapevtiga asoslanib Gollandiyaning «Xart van Nederland» nashri xabar berdi.

«Uning reabilitatsiyasi juda intensiv o‘tdi. Shifoxonamizga kelganida, u hech narsa qila olmas edi. U faqat oyoqlarini qimirlata olardi. U aprel oyi oxirida qo‘ltiqtayoq yordamida yura olishini kutyapmiz. Oxir-oqibat bemor yordamsiz yura olishi mumkin bo‘ladi, ammo to‘liq tiklanishi uchun yana ikki yil kerak», — deya ma’lum qildi Vorobyovaning ahvoli haqida uning fizioterapevti Mireyl Pont.

Nashrning havo gimnastikachisi yana chiqish qila oladimi-yo‘qmi, degan savoliga, Mireyl Pont vaziyatni yashirishni istamadi. «U dunyo miqyosidagi havo gimnastikachisi edi. O‘sha darajaga qaytishi men uchun imkonsiz ko‘rinadi, ammo kim biladi, u bizni hayratga solishi mumkin», — dedi Mireyl Pont.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonlik havo gimnastikachilari Kristina Vorobyova va Rustem Osmanov 3 yanvar kuni Karre Amsterdam teatridagi o‘zining Sky Angels duet chiqishi paytida o‘n metr balandlikdan qulab tushgan edi. Vorobyova orqa tomoni bilan yiqilib, jiddiy jarohat olgan. Uning jufti Rustem Osmanov esa yengilroq jarohatlar bilan qutilgan.