O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi koronavirus pandemiyasi munosabati bilan Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonotini e’lon qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Ramazon oyini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shni va xorijiy mamlakatlardagi holat o‘rganildi. Jumladan, Misr, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi musulmonlari diniy idoralari tomonidan Ramazon oyida masjidlarda tarovih namozlari ado etilmasligi va ommaviy iftorliklar uyushtirilmasligi haqida bayonotlar e’lon qilindi.

Shuningdek, qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idoralari bilan mazkur masala muhokama qilindi va yagona to‘xtamga kelish haqida qaror qilindi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, shuningdek, fuqarolar orasida Ramazon oyida ko‘zda tutilgan diniy marosimlar sababli karantin talablari buzilishini oldini olish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi barcha musulmonlarni quyidagi ko‘rsatmalarga qat’iy rioya qilishga chaqirdi:

  • Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarimiz tarovih namozlarini, xatmi Qur’onlarni o‘z oila a’zolari bilan xonadonlarida o‘tkazsinlar.
  • Muborak Ramazon oyida mo‘min musulmonlarimizning ruhini ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan qorilarning xatmi Qur’onlari onlayn tarzda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilsin.
  • Iftorlik savobidan umidvor bo‘lgan sahovatpesha musulmonlarimiz iftorlik marosimlari uchun mo‘ljallagan mablag‘larini «Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari» orqali moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga yetkazsinlar.
  • Barcha musulmonlarimiz qo‘ni-qo‘shni va yaqin qarindoshlarni to‘plagan holda iftorlik uyushtirishlari karantin talablariga zid kelishi barobarida Alloh taoloning ishboshilarga itoat qilish haqidagi Niso surasi : «Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz…» 59-oyatiga hilof ekanini anglashlari lozim.
  • Zakot mablag‘larini hamda fitr va fidya sadaqalarini «Vaqf» hayriya jamoat Fondi va uning hududiy bo‘linmalari hisob raqamlariga yoki «Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari»ga topshirishlari tavsiya etiladi.
  • Ramazon oyi davomida barcha telekanallar orqali efirga uzatilishi rejalashtirilgan ko‘rsatuvlar Media-rejasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari hamda xalqimiz orasida obro‘li diniy ulamolarimizning ushbu Bayonotda belgilangan vazifalarni xalqimizga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil qilinsin va keng yoritilsin.
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali, «Ramazon — rahmat va sabr oyi» mavzusidagi ma’ruzalarni muntazam on-layn tarzda berib borishni yo‘lga qo‘ysinlar.
  • Musulmonlarimiz xonadonlarida Alloh taolodan koronavirus balosini tez kunlarda bartaraf etishini so‘rab, ixlos bilan duo qilsinlar.