IIV tomonidan 10 aprel kuni e’lon qilingan «Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu qaror loyihasida Yoshlar ittifoqi a’zolari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari va ko‘ngilli yoshlar ishtirokida vatanparvar blogerlar virtual guruhini tashkil etish taklif qilingan edi.

Ushbu masala yuzasidan «Gazeta.uz» Yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa’dullayev bilan bog‘langanida, u ushbu loyiha ittifoq tomonidan rasman rad etilganini bildirdi.

Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy muhokamalarga sabab bo‘lgan ushbu qaror loyihasi yuzasidan Yoshlar ittifoqi rasmiy bayonot berdi.

«Mazkur hujjatga Yoshlar ittifoqi aloqador emas. Uni o‘rganish uchun tashkilotimizga yuborilganida, aynan shu punktdagi taklifga o‘z munosabatimizni bildirib keskin qarshiligimizni bayon qilgan edik», — deya izoh berdi ittifoq axborot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov.

IIV «qaror loyihasi yuzasidan tanqidiy hamda samarali fikrlarini qoldirayotgan» fuqarolarga minnatdorchilik bildirdi. Mazkur taklif va tavsiyalar asosida hujjat loyihasi o‘rnatilgan tartibda qayta ko‘rib chiqilishi va kelishish uchun mutasaddi idoralarga kiritilishi bayon qilingan.