Xalq banki Namangan viloyati filiali koronavirusga chalingan filial xodimining pensiya pullarini tarqatgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Bank filiali koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida nafaqa pullari maxsus avtomashinalarda aholi uylariga yetkazib berilayotgani, naqd pullarning sterillangan paketlarda tarqatilayotgani hamda barcha sayyor kassalar xodimlari va avtomashina haydovchilari tibbiy himoya niqobi va qo‘lqop, spirtli antiseptik vositalar bilan ta’minlanganini bildirdi.

Qayd etilishicha, Xalq bankining Namangan shahar va tumanlar bo‘limlarida ishlovchi barcha xodimlari koronavirus infeksiyasiga testdan o‘tkazilgan hamda barchasi sog‘lom.

O‘z navbatida, Viloyat IIB matbuot xizmati aholi o‘rtasida vahima va e’tirozlarga sabab bo‘lgan ushbu xabarni videoyozuv tarzida tarqatgan IIB xodimiga nisbatan chora ko‘rilganini ma’lum qildi.

Viloyat IIB O‘HB tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, 11 aprel kuni Namangan shahar Xalq bankida ishlovchi fuqaro koronavirus bo‘yicha topshirgan tahlil natijalariga ko‘ra unda mazkur virus alomatlari bor deya gumon qilingan. Ushbu bank xodimi 1 apreldan 11 aprelga qadar Namangan shahrining 6 ta mahallasida nafaqa oluvchilarga pul tarqatgani bois, ushbu hududlarda infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida shahar IIO FMB tomonidan nafaqa olgan fuqarolar xonadonlari karantin nazoratiga olinib, ularga tushuntirish ishlari o‘tkazilgan.

Biroq ushbu tadbirga jalb etilgan shahar IIO FMB 4-son IIB xodimi o‘zi biriktirilgan shtabda tibbiy kiyim va tibbiy niqobda turgan holatida o‘zini guruh a’zolari bilan birga videotasvirga olib, 39 soniyali videotasvirni telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali tanishiga yuborgan.

Ushbu holat yuzasidan mazkur xodim «Ichki ishlar organlarida xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risida"gi nizom talablariga ko‘ra xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgani hamda ichki ishlar organi xodimining sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etgani uchun IIO xizmatidan bo‘shatilgan.