Samarqand davlat tibbiyot instituti negizida Samarqand davlat tibbiyot universitetini tashkil etilishi mumkin. Ushbu taklif Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muhokamaga joylashtirilgan prezident qarorining loyihasida bildirilgan.

Loyihaga ko‘ra, Samarqand davlat tibbiyot instituti birinchi va ikkinchi klinikalari negizida Университет klinikasi tashkil etiladi.

Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy tadqiqot instituti tashkil etilishi kutilmoqda.

Universitet klinikasi bosh shifokori, Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy tadqiqot instituti direktori Universitet ilmiy kengashining taqdimnomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Universitet, uning o‘quv binolari, klinikalari va simulyatsion markazlarining moddiy — texnik bazalarini takomillashtirish uchun, xorijiy davlatlarda ishlab chiqariladigan o‘quv jihozlar, tibbiy asbob — uskunalar va qurilmalar, ilmiy — laboratoriya jihozlari va boshqa moddiy — texnika resurslari keltirishida bojxona to‘lovlaridan hamda barcha turdagi soliqlardan va majburiy ajratmalardan 2025 yilning 1 yanvarigacha ozod etilishi taklifi bildirilgan.

Ma’lumotga ko‘ra ushbu tashabbus Harakatlar strategiyasi hamda Oliy ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasida nazarda tutilgan «Universitet 3.0» islohotlarining qismi hisoblanadi.

Oldinroq, O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi kadrlarni tayyorlashga oid prezident qarori imzolangan edi.