Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli kredit reytingini «BB-» darajasida (spekulyativ xususiyatlarga ega bo‘lgan riskli majburiyatlar) saqlab qoldi. Reyting bo‘yicha prognoz — «barqaror», deyiladi agentlik press-relizida.

Tahlilchilar O‘zbekiston reytinglari barqarorligini mamlakatning kuchli tashqi va fiksal (soliq-byudjet) buferlari, diversifikatsiyalangan eksport bazasi va tashqi moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalana olishi bilan asosladi. Mazkur omillar, Fitch fikricha, mamlakatning COVID-19 keltirib chiqargan inqirozni yengib o‘tish uchun moliyaviy choralarga moslashuvchanligini ta’minlaydi.

Agentlik mamlakat hukumati makroiqtisodiy barqarorlik va o‘sish istiqbollarini ta’minlash, iqtisodiyotda davlat rolini kamaytirish hamda institutsional va boshqaruv muammolarini bartaraf etish uchun 2017 yilda boshlangan islohotlar dasturini amalga oshirishda hali ham qat’iyatli, deb hisoblaydi.

Fitch dunyo iqtisodiy istiqbollarining yomonlashuvi, pul o‘tkazmalari hajmining pasayishi va koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha choralar oqibatida 2020 yildagi iqtisodiy o‘sish 2019 yildagi 5,6 foizdan 2 foizgacha tushishini taxmin qilmoqda.

O‘z navbatida, tahlilchilar investitsion loyihalarning moliyalashtirilishi, inqirozga qarshi choralar hamda Rossiya va Xitoy iqtisodiyotining tiklanishi pandemiya oqibatlarini yumshatishi va 2021 yilda iqtisodiyotdagi o‘sishning 6,8 foiz darajasiga yetishiga sabab bo‘lishini taxmin qilmoqda.

«O‘zbekistonning yosh aholisi, investitsiyalar darajasining yuqoriligi va islohotlar inqirozdan keyingi davrda qulay o‘sish istiqbollarini qo‘llab-quvvatlaydi», — deb hisoblaydi agentlik.

Fitch prognozlariga ko‘ra, davlat qarzi YAIMning 34,3 foiziga qadar oshadi. Bunda kafolatlangan qarzlar YAIMning 10,1 foizini tashkil etadi. 2019 yilda esa bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 28,5 foiz va 8,7 foizni tashkil etgan.