O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlarga 100 mln AQSH dollari jalb qilinadi. Bu haqda moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ayni paytda Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon banki ushbu chora-tadbirlarni nazarda tutgan loyihani tezkor moliyalashtirish masalasini ishlab chiqmoqda. Loyiha ikkita komponentdan tashkil topadi.

Birinchi komponent bo‘yicha O‘zbekistonda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish va ularning salohiyatini oshirish uchun 29,5 mln dollar ajratiladi. Ushbu mablag‘lar sanitariya-epidemiologiya idoralari uchun tibbiy jihozlar, shaxsiy himoya va aloqa vositalari hamda 15 ta laboratoriya uchun diagnostika test tizimlari, zarur materiallar, test o‘tkazish uchun zarur uskunalar xarid qilinadi.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir ahvolda bemorlarni davolash uchun sun’iy nafas oldirish apparatlari, portativ rentgen apparatlari va boshqa kerakli tibbiyot uskunalarini xarid qilish ko‘zda tutilmoqda. Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va koronavirus xavfi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borish ham rejalashtirilgan.

Ikkinchi komponent kesimida jismoniy shaxslar va uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga 69,5 mln dollar ajratilishi mo‘ljallanmoqda. Ushbu komponent doirasida kam ta’minlangan, 2 yoshgacha va 2−14 yoshgacha farzandi bo‘lgan kam ta’minlangan oilalar uchun to‘lanadigan nafaqa oluvchilar soni oshadi. Ushbu nafaqalarni oluvchilar doimiy ravishda qaytadan ro‘yxatdan o‘tishi bo‘yicha talablar vaqtincha bekor qilinadi.

Mazkur mablag‘lar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatdan o‘tgan ishsiz fuqarolarga ishsizlik nafaqasini to‘lashga ham yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, ish beruvchilarga ish haqini to‘lash uchun vaqtinchalik subsidiyalar ajratiladi. Buning natijasida ish beruvchilar xodimlarni bo‘shatmasdan yoki qoplanmaydigan mehnat ta’tiliga chiqarishdan boshqa imkoniyatlarga ega bo‘lishadi.

Loyihani boshqarish, tahlil qilish va uning ijrosini monitoring qilishga esa 1 mln dollar yo‘naltiriladi.

Umumiy qiymati 100 mln dollarga teng bo‘lgan loyiha uchun mablag‘ning bir qismi Jahon banki tomonidan ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha yaqin kunlarda ma’qullanishi kutilmoqda. Shundan so‘ng uni tavsiflovchi hujjatlar e’lon qilinadi.