Respublika maxsus komissiyasi tavsiyasiga asosan, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida aholiga ish haqi va pensiya to‘lovlarini ustuvor ravishda bank kartalari orqali amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy bank ma’lum qilishicha, hozirda mahalliy hokimliklar, banklar, Moliya vazirligi qoshidagi g‘aznachilik hududiy bo‘linmalari hamda byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, uning hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda bu borada barcha tashkiliy ishlar boshlab yuborilgan.

Unga ko‘ra, pensiya to‘lovlari:

  • dastlabki bosqichda, ya’ni joriy yilning may oyidan boshlab, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida istiqomat qiluvchi aholining pensiya to‘lovlari bank kartalari orqali amalga oshiriladi;
  • keyingi oylardan boshlab, ushbu chora-tadbirlar bosqichma-bosqich qolgan hududlarda davom ettiriladi.

Bunda pensionerlar tomonidan bank kartalarini ochish va unga ega bo‘lish uchun Xalq banki bo‘limlariga borib yurishlari talab etilmaydi. Buning uchun:

  • byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolar to‘g‘risidagi kerakli ma’lumotlar karta ochish uchun Xalq banki bo‘linmalariga elektron shaklda yuboriladi va bank tomonidan ularga karta ochiladi;
  • so‘ngra oylik pensiya to‘lovlari Pensiya jamg‘armasi bo‘linmalari tomonidan shakllantiriladigan qaydnomalar asosida fuqaroning kartasiga o‘tkaziladi.
  • Xalq bankining mas’ul xodimlari tomonidan ushbu kartalar ularning egalariga barcha sanitar qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda yashash manzillari bo‘yicha yetkazib beriladi;
  • Xalq banki xodimlari tomonidan pensionerlarga o‘zlarining bank kartalari yetkazib berilgan vaqtda uni rasmiylashtirish uchun fuqarodan faqatgina ariza va uni bank kartasini qabul qilib olganligi to‘g‘risida imzo so‘raladi.

Shu o‘rinda, «to‘lovlarni amalga oshirish uchun respublikaning barcha hududlarida tegishli infratuzilma mavjud», deya Markaziy bank qayd etadi.

Shuningdek, ойлiк ish haqlarini to‘lash bo‘yicha, Markaziy bank quyidagilarni ma’lum qiladi:

  • barcha turdagi korxona va tashkilotlar, shu jumladan, byudjet tashkilotlari xodimlarining oylik ish haqlari ham bosqichma-bosqich to‘liq bank kartalari orqali amalga oshiriladi;
  • korxona va tashkilotlar rahbarlari bank kartaci ochilmagan, ya’ni oylik ish haqini naqd pul shaklida olib kelgan xodimlarga xizmat ko‘rsatuvchi bank bilan birgalikda tez fursatlarda bank kartalari ochib berish choralarini ko‘rishlari (korxona nomidan tegishli ariza va xodimlarning pasport nusxalarini elektron shaklda banklarga taqdim etishlari) lozim bo‘ladi;
  • ochilgan bank kartalari xizmat ko‘rsatuvchi bank tomonidan tegishli korxona va tashkilotlarga barcha sanitar qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda yetkazib beriladi;
  • korxona va tashkilotlar ishchi xodimlari o‘z kartalarini banklarga tashrif buyurmagan holda, bevosita o‘zlari ishlaydigan korxona va tashkilotlardan olishlari mumkin bo‘ladi.

Bank kartalarini rasmiylashtirish uchun fuqorolar banklarga tashrif buyurishi umuman talab etilmaydi. Bank kartalari fuqarolarning ishtirokisiz ochiladi va xizmat ko‘rsatuvchi bankning mas’ul xodimlari tomonidan sanitar qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda, nafaqadagi fuqarolarga yashash manzillari bo‘yicha korxona va tashkilotlar ishchi xodimlariniki esa, korxona va tashkilotlarning yuridik manzili bo‘yicha yetkazib beriladi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Markaziy bank fuqarolarni salomatlik nuqtai nazaridan va ayniqsa, bugungi kunda to‘lovlarni bank kartalari orqali amalga oshirishga chaqirmoqda va ayni paytdagi vaziyatni, shuningdek, fuqarolardan ariza va imzo olish jarayonida bank xodimlariga nisbatan turli e’tiroz va shikoyatlar bildirmasliklarini iltimos qildi.