13 aprel soat 06:00dan boshlab Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani hududida transport va fuqarolarning harakatlanishi butunlay to‘xtatiladi. Bu haqda Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Cheklov davomida Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani, shu jumladan Qayqi qishlog‘i hududida barcha turdagi shaxsiy va xizmat avtotransport vositalari, mototransport (skuter), velosiped hamda fuqarolarning harakatlanishi butunlay to‘xtatiladi.

Respublika maxsus komissiyasining bayonida ko‘rsatilgan harakatlanish huquqi saqlab qolinadigan va maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan avtotransport vositalaridan tashqari, Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani, shu jumladan Qayqi qishlog‘i hududida faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalari, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi (shu jumladan ularni yetkazib beruvchi va autsorsing xizmatlari), eksportyor korxonalar, qishloq xo‘jaligida jalb etilgan (ishchi-xodim va texnika)lar, shuningdek ularga tegishli faqat yuk tashishga ixtisoslashgan «Damas» (Van va Labo) rusumli avtomashinalari bundan mustasno.

Harakatlanish to‘xtatilgan davr mobaynida qayd etilgan hududlarda yashovchi fuqarolar faqat istisno tariqasida yashash uyidan 100 metr atrofidagi savdo nuqtalariga kuniga bir marotaba chiqib, hayotiy zarur ehtiyojlar — oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalar xarid qilishiga ruxsat beriladi.

Fuqarolarning karantin davrida joriy etilgan tartib va qoidalar hamda «o‘zini yakkalash» hayot tarziga zid ravishda sababsiz uydan tashqariga chiqishi, jamoat joylarida bo‘lishi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) muvofiq ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi aytilgan.

Ushbu cheklovlar davrida Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani mahallalar hududlaridagi, Qayqi qishlog‘i hududidagi oziq-ovqat do‘konlari, dorixonalar, Namangan shahridagi «Chorsu» va «Yashil» dehqon bozorlari faoliyat ko‘rsatishga davom etadi. Barcha mahallalar hududlarida doimiy ko‘chma savdo do‘konlari tashkil etib boriladi, deyiladi xabarda.