So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 796 nafarni tashkil qilmoqda. Ushbu bemorlarning 42 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiyaga joylashtirilgan bo‘lsa, 4 nafari hayotdan ko‘z yumdi.

Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekovning qayd etishicha, Toshkentda ayni paytda 216 nafar COVID-19 bemori davolanmoqda.

Jumladan, Virusologiya ITI klinikasida 112 kishi davolanmoqda. Ularning 29 nafarida pnevmoniya kuzatilayotgan bo‘lsa, 8 bemorning ahvoli og‘ir. Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ITI klinikasida esa 104 nafar bemor davolanmoqda, 4 nafarining ahvoli og‘ir.

«Har kuni 8 mingdan 9 mingga qadar xavf osti guruhiga mansub karantin muddatlari o‘tayotgan aholi qatlami koronavirusga tekshirilmoqda va tekshirilganlar orasida kasallikka chalinganlarni aniqlash jarayoni davom etmoqda», — dedi Nurmat Otabekov.

IIV huzuridagi Tergov departamentining ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan karantin qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlar 51 182 taga yetdi. Ularning 48467 tasi jamoat joyida niqob taqmaslik, 397 tasi karantin joyini tashlab ketish bilan bog‘liq.

Nurmat Otabekov har kuni 3000 atrofida karantin qoidalari buzilishi qayd etilayotganini ta’kidladi. Bu 3000 ta holat infeksiya yuqtirish xavfi demakdir, dedi u.