Karantin davrida Xalq banki tomonidan pensiya to‘lovlari pensionerlarning yashash manziliga yetkazilmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, karantin boshlangunga qadar Xalq bankining mavjud sayyor kassalari 1 662 tani tashkil etgan bo‘lsa, endilikda qo‘shimcha ravishda 516 ta sayyor kassa faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va ularning umumiy soni 2 178 taga yetdi. Bundan tashqari, Markaziy bankning inkassatsiya xizmati mashinalari va hokimliklar tomonidan ajratilgan mashinalar ham pensiya pullarini tarqatishga jalb etilgan.

Markaziy bank departament direktorining o‘rinbosari Akmal Nazarovning aniqlik kiritishicha, agarda pensioner vaqtinchalik boshqa xududda yashayotgan bo‘lsa, mablag‘lar Pensiya jamg‘armasiga qaytariladi hamda to‘lanmay qolgan ushbu mablag‘lar keyingi oyda qo‘shib to‘lab beriladi. Lekin, pensioner yashash joyini o‘zgartirgan bo‘lsa, birinchi navbatda ushbu hududdagi Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga pensiya to‘lovlarini u vaqtincha yashab turgan hudud bo‘yicha to‘lov qaydnomasiga (manzillarini aniq ko‘rsatgan holda) kiritish va moliyalashtirishni so‘rab, murojaat qilishi mumkin.

10 aprel holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 3,0 mln. nafardan ortiq pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarning 80 foizdan ortig‘iga pensiya pullari yetkazilgan, deya xabar berdi Nazarov.

Markaziy bank vakili Xalq bankining 11−06 ishonch telefoni uzluksiz ishlayotganligini, lekin pensiya va nafaqa oluvchilar tomonidan bir kunda minglab murojaatlar bo‘layotgani sababli, operator javobini biroz kutishga to‘g‘ri kelayotganligini ta’kidladi.

Markaziy bank pensiya pullarini naqd shaklda olayotgan pensionerlarga Xalq bankining shaxsiy pensiya-overdraft kartalarini ochish va kelgusida pensiya mablag‘larini bank kartalariga o‘tkazishni tavsiya etmoqda. «Hozirgi tahlikali sharoitda naqd pullardan foydalanishdagi xatarni va ayni paytda barcha bank xizmatlaridan mobil ilovalar orqali foydalanish mumkinligini hisobga olsak, bu to‘g‘ri va qulay yo‘ldir», — deyiladi xabarda.