O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida rezervlarni agrar sohasiga safarbar qilish va mahsulot hajmini oshirishga topshiriq berdi. Shundagina iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi yo‘qotishlar o‘rnini qisman to‘ldirib, aholi bandligi va daromadini ta’minlash mumkin, deya qayd etdi u.

Yig‘ilishda pandemiya sharoitida ko‘plab sohalarda tushumlar kamaygan bir paytda, qishloq xo‘jaligini rivoyulantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish eng dolzarb masalaga aylanishi ta’kidlandi. Paxtachilik va g‘allachilikda klaster tizimini rivojlantirish hamda hosildorlikni oshirishga asosiy e’tibor qaratildi.

Prezident bugungi og‘ir sharoitda barcha rahbarlar va fermerlar bir bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish bilan shug‘ullanishi lozimligini ta’kidladi. Paxta hosildorligini 10 sentnerga va g‘alla bo‘yicha 20 sentnerga oshirish maqsadi qo‘yildi.

«Bizni faqatgina yer boqa oladi hozir. Barcha davlatlar butun savdo-sotiqni yopdi. Shuning uchun, oziq-ovqat mahsuloti deganimizda, parrandachilikka ham, chorvachilikka ham, baliqchilikka ham, hammasi ham g‘alla kerak. Hali ikki oy vaqt bor, ertaga kech bo‘ladi», — dedi Shavkat Miziyoyev (iqtibos «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasidan olindi).

Klasterlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ilg‘or tajribalarni keng joriy qilish maqsadida Paxta yetishtiruvchi va qayta ishlovchi klasterlar uyushmasini tashkil qilish tashabbusi ma’qullandi.

Bugungi epidemiologik vaziyat har qanday sharoitga tayyor bo‘lish darkorligini, oziq-ovqat aholining talabi darajasida zaxira qilinishi zarurligini ko‘rsatmoqda, deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Pandemiya natijasida oxirgi uch oyda mamlakatimizga kirib kelayotgan un hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 50 foizga, don 31 foizga kamaydi. Davlat rahbari g‘alla hosildorligini 20 sentner ko‘paytirish, gektaridan kamida 70 sentnerdan hosil olish choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini ko‘paytirish maqsadida 10 ming gektar yangi bog‘ va 9 ming gektar tokzorlar orasiga kartoshka, sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, ko‘kat, no‘xat, mosh, loviya, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va poliz ekinlari ekish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.