Sog‘liqni saqlash vazirligi Namangan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirusdan davolanayotgan to‘rt nafar bemorning to‘liq sog‘ayganini ma’lum qildi.

Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov va boshqa mas’ullar tomonidan viloyat reabilitatsiya markaziga kuzatib qo‘yildi. Kasallikdan tuzalgan fuqarolar ma’lum muddat shu yerda karantinda bo‘ladi.

Xabarda qayd etilishicha, har bir bemorga ikki nafardan tajribali mutaxassislar jalb qilingan. Shuningdek, shifokorlar bemorlarni davolash jarayonida mamlakatning qator yetuk mutaxassislari bilan telemuloqot o‘rnatib, ulardan kerakli tavsiyalarni olmoqda.

«Nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlik bemorlarning holati yuzasidan maslahatlashish, aniq tashxis qo‘yish va samarali davolash imkonini beryapti», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning 42 nafari ushbu kasallikdan to‘liq sog‘aydi.