OPEK va Rossiya 30 iyungacha neft qazib olishni kuniga 10 mln barrelga kamaytirishga kelishib oldi. Bu xaqda OPEK rasmiy satida xabar berildi.

9 aprel kuni OPEK tashkilotiga a’zo davlatlar hamda a’zo bo‘lmagan OPEK+ guruhi davlatlari ishtirokida favqulodda yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda davlatlar umumiy neft qazib olish ko‘rsatgichini 1 maydan 30 iyunga qadar kuniga 10 mln barrelgacha kamaytirish hamda energetika bozorini barqarorlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga o‘z hissasini qo‘shishga kelishib oldilar.

Shartnomaga asosan, Rossiya va Saudiya Arabistoni 2,5 million barrelga, Iroq 1,06 million barrelga, BAA esa 0,72 million barrelga neft ishlab chiqarishni qisqartirishadi.

Bundan tashqari, kelishuvga ko‘ra, davlatlar 1 iyuldan 31 dekabrgacha neft qazib olish ko‘rsatkichini 8 mln barrelga qisqartirishadi. Undan so‘ng, rejaga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 30 aprelgacha (16 oy davomida) davlatlar tomonidan kelishilgan holda kuniga 6 mln barrelgacha qisqartirish kelishilgan.

Shartnoma 2022 yil 30 aprelgacha amal qiladi, lekin ushbu shartnomaning muddati 2021 yil dekabrda qayta ko‘rib chiqiladi.

OPEK+ davlatlari ichidan faqatgina Meksika yangi shartlarga rozi bo‘lishdan bosh tortdi.

Ma’lumot uchun, 10 aprel kuni bir barrel uchun Brent markali neft narxi 31.5 dollarni tashkil etdi, bu 2019 yil oxiridagi ko‘rsatkichdan ikki baravar kam.