Qayd etilishicha, qonunchilikda epidemiya yuz berganda favqulodda holat, favqulodda vaziyat yoki cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy qilish ko‘zda tutilgan.

«Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiq, odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘i yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat favqulodda vaziyat, deb ataladi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq, mamlakatda favqulodda holatni prezident joriy etadi, davlat rahbari qabul qilgan qaror uch kun ichida O‘zbekiston Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritiladi.

Vazirlik izohiga ko‘ra, favqulodda holat rejimi joriy etilganda, harakatlanish erkinligiga, transport vositalari harakatiga nisbatan cheklovlar o‘rnatiladi, ularni tekshirish kuchaytiriladi, eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini sotish, xarid qilish va taqsimlashning, jamoatchilik tartibini saqlashning alohida tartibi o‘rnatiladi va boshqa cheklovlar kuchaytiriladi.

«Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida"gi Qonuniga ko‘ra, cheklovchi tadbirlar (karantin) — yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma’muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda epidemiyaga qarshi o‘tkazilayotgan chora-tadbirlar (sanitar muhofaza, dezinfeksiya tadbirlari, majburiy tibbiy tekshiruv va boshqalar) aynan «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida"gi qonunda ko‘zda tutilgan harakatlarga muvofiq.

«O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda yuqoridagi tartiblardan nisbatan eng yumshog‘i — cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etildi. Cheklovchi tadbirlar (karantin)ning joriy etilishi mamlakatimizning amaldagi qonunchiligiga mos keladi. COVID-19 ga qarshi kurash O‘zbekiston Respublikasining «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida"gi qonuni, davlatimiz rahbarining farmonlari va hukumat qarorlariga muvofiq amalga oshirilmoqda», — deyiladi vazirlik xabarida.