10 aprel kuni prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonga 250 ming dona koronavirusga test tizimi olib kelinayotganligi aytildi.

«Avvalambor, dunyoning ko‘plab davlatlarida koronavirusning tez tarqalishi bilan bog‘liq bugungi vaziyat biz O‘zbekistonda karantin va aholini besabab ko‘chaga chiqmaslik rejimini o‘z vaqtida joriy etganimizni isbotlaganini ta’kidlamoqchiman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Infeksiya tarqalishini deyarli bir oy davomida sekinlashtirib, bu vaqtdan davolash o‘rinlarini ko‘paytirish, chet davlatlarning davolash tajribasini o‘rganish va joriy qilishda unumli foydalanilganligi ta’kidlandi.

«Agar xalqimizning mentaliteti va turmush tarzini, shu jumladan, ish-o‘qish, to‘y-ma’raka, mahalla, bozor, qarindoshlar, qo‘shnilar, do‘stlar, ayniqsa bemorlardan tez-tez xabar olish kabi juda keng ijtimoiy munosabatlarimizni hisobga olsak, karantin va cheklash tadbirlarini vaqtida kiritmaganimizda, bemorlar va yo‘qotishlar bundan ancha ko‘p bo‘lishi aniq edi», — deya ta’kidladi prezident.


Ma’lumot berilishicha, Rossiyadan 500 ta sun’iy nafas berish apparatini xarid qilingan. Xitoydan esa kasallikni aniqlovchi 200 ming dona va Germaniyadan 50 ming dona test olib kelinmoqda.