O‘zbekistonda koronavirus tarqalishidagi kuzatilgan 94 ta holatda infeksiya chet elda bo‘lib qaytgan fuqarolarda aniqlangan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov brifingda ma’lum qildi.

Sog‘liq saqlash vazirligi tahlil natijalariga ko‘ra, kasallik 94 ta holatda chet elda bo‘lgan fuqarolarda aniqlangan hamda ulardan ketma-ketlikda tarqalgan 440 ta holatda fuqarolar kasal bo‘lgan. Shu o‘rinda, xorijdan kelgan ushbu 94 nafar fuqarodan tarqalishi mumkin bo‘lgan 100 mingdan ortiq аҳолининг to‘liq ro‘yxati shakllantirilib, har biri bo‘yicha alohida-alohida surishtirish ishlari, profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Surishtiruv natijasida chet eldan yuqtirib kelgan fuqarolar orqali 40 ta korxona, tashkilotlarda ishlaydigan hamkasblariga yuqtirganlik holatlari aniqlangani ayon bo‘ldi.

Shuningdek, Bahrom Almatov respublikadagi mavjud laboratoriyalarda shu kunga qadar 78 906 ta namuna COVID-19 koronavirus infeksiyasiga tekshirilgani hamda SSV huzurida tashkil qilingan Shtab tomonidan ushbu kasallikning epidemiologik surishtiruv ishlari bo‘yicha elektron tizim yaratilgani haqida ma’lumot berdi.

Mazkur elektron dasturda bemorning pasport ma’lumotlari, ish joyi, kasallik belgilari dastlab namoyon bo‘lgan kundan boshlab u bilan muloqotda bo‘lgan kishilar ro‘yxati shakllantiriladi.

«Bemorlar bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar, ushbu kasallik kimdan yuqqani, kimlarga yuqish xavfi bor, shularni o‘rganilib, kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha barcha tadbirlar amalga oshiriladi», — dedi Bahrom Almatov.

Ma’lumot uchun, 10 aprel kuniga qadar epidemik vaziyat noxush bo‘lgan hududlardan kelgan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 84,281 nafar fuqaro salomatligi ustidan tibbiy nazorat o‘rnatilgan. Ulardan 63 951 nafari uy sharoitida, 21 780 kishi 202 ta muassasada statsionar sharoitda karantinga olingan.