Toshkent shahar hokimi ijara beruvchilarga murojaat yo‘lladi.

«Shahrimizda ijarada yashayotgan fuqarolarimiz bor. Ular orasida olis manzildan kelib yashayotganlar ham bor. Ular bugun karantin qoidalariga rioya qilgan holda, o‘z oilalari bag‘ridan uzoqda, ijara uylarda yashashmoqda. Ular orasida karantin sababli, vaqtincha ishlamayotganlari ham bor. Bunday sharoitda albatta, ularga oson tutib bo‘lmaydi. Bir tomondan ijara pulini to‘lash, bir tomondan oilalarini ehtiyot qilish, ro‘zg‘or tebratish mas’uliyati yelkalarida turibdi», — deya ta’kidlagan Jahonigir Ortiqxo‘jayev.

«Shu bois, men ijara beruvchilarga shunday sinovli kunlarda sabrli bo‘lib, ularning holatini to‘g‘ri baholashlarini, ijara pulini vaqtincha talab qilmay turishlarini so‘ragan bo‘lardim. Vaqtinchalik to‘lanmagan ijara haqqi esa keyinchalik to‘lab berish sharti bilan ijarada turuvchi fuqarolarga taqdim etilsa, fikrimcha, adolatli bo‘ladi. Sinovli kunlarda o‘zaro ishonch, hamjihatlik ham juda muhim», — deyiladi murojaatda.