Toshkentning 5 ta tumanida ichimlik suv ta’minotida uzilishlar ro‘y berdi. Bu haqda poytaxt ma’muriyati axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan «Toshkent XET» korxonasiga qarashli «Qodiriya» podstansiyasida 9 aprel kuni yog‘ingarchilik va daraxt shoxlarining sinishi oqibatida avariya sodir bo‘lgani sababli elektr ta’minotida uzilish yuzaga kelgan.

Bu, o‘z navbatida, «Toshkent shahar suv ta’minoti» korxonasiga qarashli «Qodiriya» Bosh suv inshooti ish rejimiga ta’sir etib, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Mirobod, Bektemir va Yunusobod tumanlarida to‘liq, Olmazor, Uchtepa va Yakkasaroy tumanlarida qisman ichimlik suv ta’minotida uzilishlar hamda ichimlik suv bosimi pasayishiga sabab bo‘lgan.

«Toshkent shahar suv ta’minoti» korxonasi xodimlari tomonidan ayni paytda zarur barcha tezkor choralar ko‘rilmoqda.

9 aprel soat 18:00 ga qadar tarmoqdan uzilgan iste’molchilar qayta ulanishi ta’kidlangan.

«Toshkent shahar suv ta’minoti» korxonasi keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘radi.