O‘zbekiston hukumati a’zolari virus blokatorlarini taqishni boshlashdi. Amaldorlarning ushbu qurilmalarni taqqani «O‘zbekiston 24» telekanalidan ko‘rsatilgan efirda ko‘ringan.

8 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash va mamlakatda tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.


Жамшид Qo‘chqorov. Foto: «O‘zbekiston 24».

Yig‘ilishda qatnashgan bosh vazir Abdulla Aripov, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov virus blokatorlarini taqishgan. Jamshid Qo‘chqorov qurilmani kostyumiga beyjik sifatida ilgan bo‘lsa, Abdulla Aripov va Po‘lat Bobojonovlarda qurilmalar belgi ko‘rinishida.

Abdulla Aripov. Foto: prezident axborot xizmati.

«Gazeta.uz»ning aniqlashicha, beyjik ko‘rinishidagi qurilma Air Doctor, qalqonni eslatadigan belgi ko‘rinishidagi qurilma esa Ecom Air Mask deb nomlanadi.

Po‘lat Bobojonov. Foto: «O‘zbekiston 24».

Virus blokatorlarini ishlab chiqaruvchi Yaponiya kompaniyasining vebsaytida xabar berilishicha, qurilma havoni dezinfeksiyalovchi va dezodoratsiya qiluvchi xlor dioksidini tarqatib, «bakteriyalar va viruslar kabi patogen mikroorganizmlarni samarali ravishda yo‘q qiladi».

Air Doctor davlat xodimlaridan birida.

Qayd etilishicha, qurilma yopiq binolarda juda samarali. Ochiq havoda va havo oqimlari kuchli bo‘lgan binolarda uning samaradorligi kamayadi.

Ecom Air Mask. Foto: allergstop.ru.

Aytish joizki, ushbu turdagi qurilmalar hozirgi vaqtgacha kerakli tadqiqotlardan o‘tkazilmagan va ularning viruslarga qarshi ishonchli himoya ekanligi isbotlanmagan.