UFC aralash janglar promouteri prezidenti Deyn Uayt UFC 249 xalqaro musobaqasini o‘tkazish uchun xususiy orollardan birini ijaraga olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda u TMZ nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Avvaliga musobaqani 18 aprel kuni Nyu-Yorkda o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Turnirning asosiy jangi rossiyalik Xabib Nurmagomedov va amerikalik Toki Fergyuson o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq rossiyalik koronavirus pandemiyasi va chegaralar yopilgani sababli jangdan voz kechdi. UFC Toni Fergyuson amerikalik Jastin Geyji bilan bellashganini ma’lum qildi.

Foto: UFC.

Musobaqada O‘zbekistondan Mahmud Murodovning ham ishtirok etishi kutilayotgandi. U amerikalik Karl Roberson bilan jang qilishi lozim edi. Biroq bellashuv bekor qilindi.

«Butun dunyo koronavirus bilan kurashmoqda. Afsuski, barcha chegaralar va aeroportlar yopiq va men AQSHga Chexiyadan borolmayman. Shu sababli jang bekor qilindi… Oy oxiriga qadar Chexiyada karantin», — dedi sportchi «Gazeta.uz»ga.

7 apreldan boshlab Chexiya hukumati koronavirus epidemiyasi bilan kurashish uchun joriy qilingan ba’zi qoidalarni yengillashtirdi — aholi ochiq havoda niqoblarsiz sport bilan shug‘ullanishlari mumkin. 9 apreldan boshlab ba’zi do‘konlar ochiladi. 14 apreldan boshlab, biron bir asosli sababga ko‘ra, masalan, xizmat safari bilan, Chexiyadan tashqarida sayohat qilish mumkin bo‘ladi.

6 aprel kuni Deyn Uayt AQSHda va boshqa ko‘pgina mamlakatlarda musobaqani o‘tkazish imkonsizligi sababli, shou xususiy orolda bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Keyinchalik promouter kompaniya karantin davrida turnirlarni o‘tkazish uchun ikkita joydan foydalanishini qo‘shimcha qildi. Amerikalik jangchilar uchun AQSH hududida arena taqdim etiladi, boshqa mamlakatlarning jangchilari uchun esa xususiy orol ijaraga olinadi.

UFC prezidenti orol joyini ma’lum qilmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu haqda oxirgi vaqtga qadar sportchilar ham bilmaydi, ular xususiy orolga samolyotda olib boriladi.

«Muxlislar bo‘lmaydi. Barcha avvaldan [COVID-19ga] test qilinadi, keyin yana, yana va yana. Biz barcha jangchilarning sog‘lom ekanligiga ishonch hosil qilamiz, shuningdek, sport komissiyasi vakillari, hakamlar, referilar va tasvir jamoasining ham. Turnirdan oldin, davomida va undan keyin hamma xavfsiz bo‘lishi kerak», — dedi u.

New York Times nashrining xabar berishicha, AQSHdagi turnir Kaliforniyaning Fresno shahri yaqinidagi Tachi-Yokut qabilasiga qarashli rezervatsiya hududida bo‘lib o‘tadi. Xabar qilinishicha, bu holatda janglarni o‘tkazish shtat yurisdiksiyasiga kirmaydi. Turnir 20 mart kuni yopilgan Tachi Palace Casino Resortda bo‘lib o‘tishi kerak.

Janglar tomoshabinlarsiz bo‘lib o‘tadi. ESPN ularni efirga uzatish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega bo‘ldi.