COVID-19 koronavirus infeksiyasining tarqalishi global iqtisodiyotni jiddiy inqirozga olib keldi. Bu haqda BMT Sanoatni rivojlantirish tashkilotining (YUNIDO) yangi hisobotida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, koronavirus tarqalishi sababli kelgusi oylarda jahon yalpi ichki mahsulotining pasayishi 2009 yildan beri eng past o‘sish darajasida bo‘lishi kutilmoqda. Shuni anglagan holda, Katta yigirmalik (G-20) hukumatlari koronavirus tufayli yuzaga kelgan ijtimoiy va iqtisodiy inqiroz ta’sirini kamaytirish uchun operativ tarzda iqtisodiyotni rag‘batlantirish paketlarini qabul qilmoqda.

Shu munosabat bilan, «Gazeta.uz» bir qator rivojlangan mamlakatlar hamda qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistonning koronavirus pandemiyasi ta’sirini yumshatishga qaratilgan iqtisodiy rag‘batlantirish dasturlarining qisqa tahlilini taqdim etadi.

Germaniya

Kansler Angela Merkel hukumati koronavirus pandemiyasining mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatish uchun 750 milliard yevrodan (810 milliard dollar) ortiq miqdordagi rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar paketini qabul qildi. Unga qo‘shimcha ravishda favqulodda byudjetdan 156 milliard yevro olinishi mumkin. Mablag‘lar yirik va kichik biznesni, bank-moliya tizimini qo‘llab-quvvatlashga, aholining kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy himoya qilishga va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.


Foto: Bundesregierung/Kugler

Italiya

Italiya hukumati koronavirus epidemiyasining mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatish maqsadida o‘z tarixida birinchi marta 750 mlrd yevro ajratishga qaror qildi. Italiyan YAIMining yarimiga teng miqdordagi bu mablag‘lar, avvalambor, yirik va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda iqtisodiyotni tiklashga yo‘naltiriladi.


Foto: Italiya hukumatining matbuot xizmati

Fransiya

Fransiya koronavirus bilan bog‘liq iqtisodiy halokatning oldini olish uchun mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 45 mlrd yevro va bank kreditlari orqali 300 mlrd yevrogacha yo‘naltirishni rejalashtirgan. Mablag‘lar asosan yirik va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sug‘urtani va ishsizlik nafaqasini qoplash hamda iqtisodiyotga eng og‘ir ta’sir ko‘rgan havo transporti sanoati va turizm sohalariga safarbar etiladi.

AQSH

28 mart kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Amerika tarixidagi eng yirik 2,2 trillion dollarlik rag‘batlantirish paketini qabul qildi. Unga ko‘ra, 850 mlrd dollar yirik va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, 300 mlrd dollar aholiga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lov ajratishga, 250 mlrd dollar ishsizlik darajasini kamaytirishga, 140 mlrd dollar sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, yana boshqa sohalarga ko‘maklashish hamda tadbirkorlik sub’ektlariga bir qator soliq imtiyozlar va yengilliklari belgilab o‘tilgan.


Foto: twitter.com/realDonaldTrump

Buyuk Britaniya

Koronavirusga javoban, Buyuk Britaniya hukumati ushbu inqiroz davrida yirik va kichik biznesga yordam berish uchun bir qator soliq yengilliklarini joriy etdi. Umumiy rag‘batlanish paketining miqdori belgilanmaganiga qaramasdan, Britaniya hukumati iqtisodiyotni ushbu inqirozdan chiqarish uchun 50 mlrd funt sterlingga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordam ajratdi. Umuman olganda, rasmiy London biznesga soliq imtiyozlari taqdim etish, grantlar ajratish va kredit liniyalar ochib berish orqali vaziyatni o‘nglamoqchi.

Yaponiya

Abe hukumati koronavirus pandemiyasining mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatish uchun qariyb 1 trln dollarga teng rag‘batlantirish dasturini amalga oshirishga qaror qildi. Rag‘batlantirish aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lov ajratish, korxonalar uchun soliq va ijtimoiy sug‘urta to‘lovlarini kechiktirish, aholiga ishsizlik va ijtimoiy himoya nafaqasini ko‘paytirish hamda bir qator soliq imtiyozlari va yengilliklarini o‘z ichiga oladi.


Foto: twitter.com/JPN_PMO

Rossiya

Rossiya hukumati koronavirus bilan bog‘liq iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish uchun 300 milliard rubl miqdoridagi inqirozga qarshi fond tashkil qildi. Mablag‘lar bosh vazir M.Mishustin tomonidan ishlab chiqarilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq safarbar etiladi. Xususan, rejaning birinchi bo‘limi aholini zaruriy mahsulotlar bilan ta’minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq. Ikkinchi bo‘limi iqtisodiyotning xavf ostida bo‘lgan sohalarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq chora-tadbirlar — havo transporti, turizm, qurilish, dam olish, ko‘ngilochar va boshqalar. Uchinchi bo‘limi esa kichik va o‘rta korxonalarni ma’muriy va moliyaviy yordam orqali qo‘llab-quvvatlash hamda to‘rtinchi bo‘lim — bu Rossiya hududlari miqyosida imtiyozlar, preferensiyalar berish va chegaralash ishlarini amalga oshirish bilan bog‘liq chiqimlardir.

Qozog‘iston

15 mart kuni Qozog‘iston prezidentining farmoni bilan 15 aprelgacha butun mamlakat hududida favqulodda holat joriy etildi. Biznesni qo‘llab-quvvatlash va mehnat bozorida barqarorlikni ta’minlash uchun 7 asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga oladigan shoshilinch choralar majmuasi ishlab chiqildi. Soliq imtiyozlari va mahalliy darajada qo‘llab-quvvatlashni hisobga olmaganda, inqirozga qarshi choralarning umumiy hajmi 4,4 trln tenge yoki 10 milliard dollarni tashkil qiladi.

Ustuvor yo‘nalishlar mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga umumiy 1 trln tengegacha miqdordagi kreditlar ajratish, kreditning yuqori chegarasini 7 milliard tengega oshirish, ayrim kichik va o‘rta korxonalarni (yirik savdo ob’ektlari, kinoteatrlar, teatrlar, ko‘rgazmalar, sport inshootlari) yil oxirigacha mulk solig‘idan ozod etish, qariyb 7 ming qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer solig‘i to‘lashdan ozod qilish, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ishlaydiganlarni daromad solig‘idan ozod qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, mehnat bozorida barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan hamda umumiy moliyalashtirilishi 300 milliard tengega teng bo‘lgan «Bandlik bo‘yicha yangi yo‘l xaritasi» ishlab chiqish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga 1 minimal ish oyligi qiymati — 42500 tenge (100 dollar atrofida) ajratish, davlat tomonidan narxlar tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar ro‘yxatini tasdiqlashdan iborat.


Foto: Kozog‘iston Prezidentining matbuot xizmati

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda 25 martdan 15 aprelga qadar mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etilgan. Koronavirus epidemiyasining mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatish maqsadida mamlakat hukumati aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda tadbirkorlik sub’ektlariga hukumat tomonidan ayrim soliq imtiyozlari va yengilliklar joriy etishga qaror qildi.

Shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi Qirg‘izistonga koronavirus bilan kurashish uchun 120,9 million dollar miqdorida yordam ajratishni ma’qullagan.


Foto: Qirg‘iziston hukumatining matbuot xizmati

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda prezidentining farmoni bilan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, davlat byudjetidan 10 trln so‘m ajratiladi.