Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov tibbiyot xodimlarining koronavirusga chalinish holatlari yuzasidan izoh berdi. Eslatib o‘tamiz, mart oyi oxirida Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining 11 nafar xodimi koronavirusga chalingani xabar qilingan edi.

«Dastlabki kunlarda, ayniqsa ITI klinikasiga yangi bemorlar kelganida, tibbiyot xodimlari bu infeksiya bilan hali tanish emas edi. Ammo ularning barchasi tegishli tartibda davolanmoqda va ushbu tarkibda jiddiy asoratlar yo‘q», — dedi bosh sanitariya inspektori.

Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda tibbiyot xodimlari orasida kasallanish holatlari qayd etilgani yo‘q. Chunki virusning kontagiozligi (yuqishi) yaxshi o‘rganilgan bo‘lib, tibbiyot xodimlariga infeksiya yuqishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ma’lum.