Davlat soliq qo‘mitasi Chirchiq shahrida joylashgan «Aziya» to‘yxonasida noqonuniy ravishda faoliyat olib borayotgan tikuvchilik sexi aniqlangan holat bo‘yicha bayonot berdi. Bu haqda qo‘mitaning matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Chirchiq shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan «Aziya» to‘yxonasida fuqarolarning noqonuniy yig‘ilishi bo‘yicha aholidan «Ishonch telefoni»ga e’tirozlar kelib tushgan.

Chirchiq shahar Sanitariya — epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining dalolatnomasida ushbu sexda xodimlarning temperaturasini o‘lchash yo‘lga qo‘yilmaganligi, maxsus kiyim bosh yo‘qligi, kiyimlarni almashtirish xonasi mavjud emasligi, ishlab chiqarish sexida havo almashtirish tizimi yo‘qligi, xonani tozalash va viruslardan zararsizlantirish ishlarini tashkil etish uchun zarur anjomlari va dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlanmaganligi haqida aytilgan.

Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida, 260 nafar ishchi uchun belgilangan minimal ijtimoiy masofa (1,5 metr) saqlanmagan holda tashkil etilgani ma’lum qilindi.

Mazkur holat yuzasidan, Chirchiq shahar prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti tomonidan sanitariyaga oid qonun hujjatlari va epidemiyaga qarshi kurashish qoidalari buzilganligi bo‘yicha 6 aprel kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot uchun, ushbu tibbiy niqob ishlab chiqarish sexi 2 aprel kunidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Chirchiq shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan bino ko‘zdan kechirilganda umumiy narxi 156 million 696 ming so‘mlik tovar moddiy boyliklar borligi aniqlangan.