O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi xodimlari odamda koronavirus bor-yo‘qligini aniqlashga yordam beruvchi mahalliy test tizimini ishlab chiqishdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali xabar qildi.

Ayni paytda klinik sinovlar davom etmoqda. Aprel oyi oxiriga qadar 50 mingta ana shunday test tizimini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Ilg‘or texnologiyalar markazida masofadan tana haroratini o‘lchovchi termometr prototipi hamda himoyalovchi 3D shlemlarini ishlab chiqish ustida ham jarayonlar davom etmoqda.

«Koronavirus infeksiyasini o‘rganish bo‘yicha vazirlik tomonidan qator ilmiy-innovatsion loyihalarga tanlovlar e’lon qilindi. Bu tanlovlar doirasida mavjud dori-darmonlarni tezkor usullarda laboratoriya sharoitida koronavirusga qarshi tekshirish va bu tekshirishda hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish birinchi qadamlar sifatida belgilandi. Shuningdek, koronavirus diagnostika usullarini o‘zimizda ishlab chiqarish bo‘yicha olimlarimiz tomonidan diagnostika gidlari yaratildi va laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi. Ikkinchidan, O‘zbekistonda mavjud qator dori-darmonlarning viruslarga qarshi ta’siri xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda o‘rganilmoqda va ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarish tashkil etilmoqda», — dedi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov.

Lavhada qayd etilishicha, Respublika virusologiya institutiga tadqiqotlar natijasi bo‘lgan test tizimlarining navbatdagi partiyasini jo‘natish uchun hozirlik ko‘rilmoqda. Test tizimini yaratish borasidagi harakatlar Innovatsiya vazirligi tashabbusi bilan bir oy muqaddam boshlangan edi. Shu kunga qadar tizim dastlab vazirlik mutaxassislari, so‘ngra Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda sinovdan o‘tkazildi. Hozirda bu jarayonlar Respublika virosologiya instituti xodimlari tomonidan mustaqil tarzda davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda yangi turdagi oksigenatsiya niqobi, unga moslashtirilgan venturi klapani hamda sun’iy nafas olish uskunalari uchun bakterial-virus filtrlar ishlab chiqish yo‘lga qo‘yiladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Yoshlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Firdavs Ne’matzodaning qayd etishicha, oksigenatsiya niqobi nafaqat koronavirus pandemiyasi, balki ingalyatsiya, o‘pkani tozalashda ham har tomonlama yordam beradi.

O‘zAning xabar qilishicha, mahalliy ishlab chiqilgan bir dona venturi klapanining ishlab chiqilgan prototipi narxi 10 ming so‘m, oksigenatsiya niqobining narxi 25 ming so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunda oksigenatsiya niqoblari va venturi klapanlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi va unga bo‘lgan talab kundan kunga ortib bormoqda.

Hozirda oksigenatsiya niqobi va venturi klapanining 3D modellari tayyorlandi. Yaqin kunlarda loyihaning birinchi prototipi ishlab chiqariladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan prototip sterilizatsiya qilinadi va tajriba sinovlari amalga oshiriladi. Tajriba sinov natijalariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgach, oksigenatsiya niqobi va venturi klapanining kichik sinov partiyasi ishlab chiqiladi.

Bir martalik bakterial-virus filtrlari esa sun’iy nafas olish uskunasi — IVL qurilmasiga ulanib, o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun 8 soat davomida ishlatiladi. Undan faqat bir marta foydalanish mumkin. Filtrning vazifasi bemorning o‘pkasidan chiqayotgan virus IVL qurilmasiga kirib ketmasligining oldini olishdan iborat. Chunki bu qurilmadan boshqa bemorlar ham foydalanadi.

Bakterial-virus filtrlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi. Uning narxi xorijda 5−6 dollarni tashkil etadi. Hozirda Inspired Medical kompaniyasining BSF201 filtridan foydalangan holda 3D skaner orqali uning 3D modeli olindi va 3D printer orqali chiqarildi. BSF201 filtrining tarkibini o‘rganish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markaziga yuborildi va natijalar o‘rganildi. Bakterial-virus filtrlarini mahalliylashtirilgan narxi o‘rtacha 25 ming so‘mni tashkil etadi.

Video