Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlarning iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha o‘z prognozlarini yangiladi.

Unga ko‘ra, 2020 yil O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining (YaIM) o‘sish surati keskin pasayib, 1,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Iqtisodiy o‘sish sur’atining pasayishiga tashqi savdo hajmining keskin kamayishi va koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bilan bog‘liq bo‘lgan ichki bozordagi holatning yomonlashuvi ta’sir etadi. 2019 yilda mamlakat YAIMning o‘sish darajasi 5,6 foizga teng bo‘lgan.

Bundan tashqari, davlat byudjeti defitsiti YaIMga nisbatan 5,6 foizga yetadi. Mehnat muhojirlari tomonidan mamlakatga yuboriladigan pul oqimlari hajmi 50 foizdan ko‘proqqa qisqarishi mumkin. Natijada, to‘lov balansidagi defitsit YAIMning 8,5 foizini tashkil etadi. Oziq-ovqat narxlarining oshishi va oziq zanjiridagi uzilishlar sababli yillik inflyatsiya darajasi 15,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

Investitsiyalar oqimi 3,1 foizni tashkil etishi prognoz qilingan. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 33,8 foizga teng edi. Eksport hajmi 1,2 foizga, import hajmi 3,2 foizga o‘sishi kutilmoqda. 2019 yilda ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 10,9 foiz va 47,3 foizni tashkil etgan edi.

Jahon banki hisobotidan.

Koronavirus inqirozi oqibatida bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha jarayonda qiyinchiliklar paydo bo‘lishi, hamda mamlakatda kambag‘allik darajasi oshishi xavfi borligi ta’kidlangan. Inqirozga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va O‘zbekiston makroiqtisodiyotining himoya vositalari salbiy oqibatlarni kamaytirishda, ayniqsa kambag‘al aholiga yordam berishda, muhim o‘rin egallaydi.

Jahon banki mutaxassislarining fikriga ko‘ra, oltin va oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning pasaymasligi O‘zbekiston iqtisodiyotiga yordam berishi mumkin. Lekin ushbu bozorlarda ham narxlar o‘zgarishi ehtimoli bor.

Jahon banki mintaqadagi davlatlar bo‘yicha prognozlarini ham o‘zgartirgan. Hisobotga ko‘ra, YaIMning yillik o‘sish darajasi Qozog‘istonda -0,8 foizga, Qirg‘izistonda 0,4 foizga, Tojikistonda 1 foizga, Rossiyada esa -1 foizga teng bo‘lishi kutilmoqda.