Chorshanba kuni O‘zbekistonda esgan kuchli qorli shamol mamlakatning barcha viloyatlarida daraxtlarni yiqitib, elektr ta’minotini uzib qo‘ydi, deya xabar berdi «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Avval xabar berganimizdek, so‘nggi kunlarda O‘zbekistonda ob-havo sharoiti keskin yomonlashdi. 7 aprel kuni respublikaning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘di. 8 aprel kuni yomg‘ir kuchaydi, o‘sha kuni kechqurun va 9 aprelda kechasi respublikaning katta qismida yomg‘ir qorga aylandi. Faqat Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kuzatilmadi.

Ba’zi joylarda shamolning tezligi 15−20 m/s gacha (Bofort shkalasi bo‘yicha 8 ball — juda kuchli shamol), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida shamol tezligi 25 m/s ga (9 ball — bo‘ron shamoli) yetdi.

Foto: t.me/hetmuloqot.

«Hududiy elektr tarmoqlari» ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 63 ming xonadon (6 ta viloyat bo‘yicha ma’lumot) elektrsiz qolgan. Elektr tarmoqlaridagi avariyalardan ko‘proq Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlari aholisi aziyat chekmoqda. Elektr tarmoqlaridan uzilish bo‘yicha xabarlar kelishda davom etmoqda. «Gazeta.uz»ning kompaniyadagi manbasi 300 mingdan ortiq iste’molchilar elektr energiyasidan uzilganligini ma’lum qildi.

Daraxt shoxlari sinishing asosiy sababi — qalin qor yog‘ishi bilan bog‘liq, deydi kompaniya vakillari.

«Hozir ko‘p daraxtlar barglagan. Qor to‘planib qolgani bois daraxt shoxlari dosh berolmay singan, ularning bir qismi elektr liniyalarining ustiga qulagan. Biz elektr liniyalariga yaqin joylashgan daraxtlarning shoxlarini kesgan edik, lekin bahor faslida shoxlar tez o‘sadi», — deya tushuntirdi «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» topshirig‘i bilan mamlakatning barcha hududlarida tezkor guruhlar elektr uzatishni qayta tiklamoqda.

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodir Yunusovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, shikastlangan daraxtlar haqidagi birinchi ma’lumotlar kechga yaqin bo‘ladi.

«Hozirgi vaqtda bizning inspektorlarimiz Obodonlashtirish departamenti xodimlari bilan birga ishlashmoqda. Birinchi navbatda, magistral yo‘llar tozalanmoqda, keyin esa mahallalarda qulagan daraxtlarga navbat keladi. Bu ishlarga 1−1,5 kun vaqt ketadi», — dedi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobillar ustiga qulagan daraxtlar rasmlari e’lon qilingan.


Foto: t.me/ToshkentYOXB.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati qurbonlar haqida ma’lumotlar kelib tushmaganini ma’lum qildi.

Xabar to‘ldirildi.