Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 8 apreldan 9 aprel kuniga o‘tar kechasi kuchli qor yog‘ishi ko‘plab daraxtlarning sinishi, elektr tarmoqlarida uzilishlar va gaz quvurlarining shikastlanishiga sabab bo‘lgan.

Oldinroq «Gazeta.uz» kuchli yog‘ingarchilik sababli O‘zbekiston bo‘ylab 63 ming xonadon elektr ta’minotisiz qolgani haqida ma’lumot bergan edi. Toshkent va Samarqand viloyatlari aholisi eng ko‘p zarar ko‘rgan.

Toshkentda jami 44 ta elektr tarmo0g‘ida uzilish kuzatildi, 31 ta holat ertalab soat 10:00 ga qadar bartaraf etilib, hozirda 13 ta elektr tarmog‘ida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ular:

  • Olmazor tumani, Qoraqamish 2/3 va 1/3 mavzelarida;
  • Yunusobod tumani, «Islomobod» va «Hasanboy» mahallalari, 14-mavze, Markaz-4 mavzelarida;
  • Mirzo Ulug‘bek tumani Ulug‘bek mahallasida;
  • Uchtepa tumani «Ko‘ksaroy» mahallasida;
  • Chilonzor tumani, «Beshqo‘rg‘on» mahallasi va Chilonzor kichik sanoat hududida;
  • Shayxontohur tumani, «Samarqand darvoza», Suzuk ota va «Gulobod» mahallarida.

Bundan tashqari, 20 ta gaz tarmog‘ida uzilishi bo‘lgan. 7 ta holat ertalab soat 10:00 ga qadar bartaraf etilib, hozirda 13 ta manzilda gaz quvurlarini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ular:

  • Chilonzor tumani 9-mavzedagi 61-uy, 3-mavzedagi 78-uy, 6-mavzedagi 52-uy, 5-mavzedagi 11-uy, 6-mavzedagi 67-uylarda;
  • Mirobod tumani, Fayzobod ko‘chasi 42-uyda;
  • Olmazor tumani, Chuqursoy ko‘chasi 2,17 va 18-uylarda;
  • Yunusobod tumani, Niyozbek yo‘li ko‘chasi 17-uyda;
  • Uchtepa tumani, 11-mavze 17-uy, Zargarlik korxonasi,
  • Yashnobod tumani, Aviasozlar 4-uy va Birlashgan ko‘chasi 10-uyda.

Elektr va gaz tarmog‘idagi uzilishlar sababli shahardagi 7 ta lokal qozonxona (Mirzo Ulug‘bek tumani — 5 ta, Shayxontohurda — 2 ta) faoliyati to‘xtatilgan. Ularga ulangan 148 ta ko‘p qavatli uyga issiqlik ta’minotini yetkazishning vaqtincha imkoniyati yo‘qligi ma’lum qilindi.

Poytaxt hokimiyati 9 aprel soat 18.00 ga qadar aniqlangan uzilish holatlari to‘liq bartaraf etilishini ta’kidlagan.

«Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasining ma’lum qilishicha, 1154 qisqa raqamli Call Center xizmati joylashgan binoda internet tarmog‘idagi nosozliklar tufayli markaz ish faoliyatida uzilish yuzaga kelgan. Call Center faoliyati tez orada tiklanishi aytilmoqda.