Shavkat Mirziyoyev 9 aprel kuni koronavirus pandemiyasi sharoitida bank tizimining barqaror ishlashini hamda iqtisodiyotga moliyaviy ko‘makchi bo‘lishini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Jahon iqtisodiyotida boshlanayotgan inqiroz holatlarini hisobga olib, banklarning loyihalar portfelini tanqidiy ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. Ya’ni, hali boshlanmagan, uzoq muddatli loyihalarni aniqlab, ularni 2020 yilning o‘zida samara berishni boshlaydigan yangi loyihalarga almashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Banklarga mablag‘larni ustuvor ravishda kichik biznes sub’ektlariga yangi ish o‘rinlari yaratish uchun hamda uy sharoitida o‘zini o‘zi band qilish uchun yo‘naltirish tavsiya etildi.

2020 yilda Agrobank, Xalq banki, Mikrokreditbank orqali bandlikni ta’minlash dasturlariga 4 trillion so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi orqali Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga qo‘shimcha 500 milliard so‘m ajratiladi.

Prezident birinchi navbatda oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kichik biznes va hunarmandchilik loyihalariga ustuvor ahamiyat qaratish zarurligini ta’kidladi.

Markaziy bankka ishlab chiqarish korxonalari faoliyati to‘xtab qolmasligi uchun banklar orqali 30 trillion so‘m aylanma mablag‘lar ajratilishini ta’minlash topshirildi. Zarur hollarda, korxonalarga ish haqi to‘lash uchun ham kreditlar ajratilishini yo‘lga qo‘yish lozimligi ta’kidlandi.

Masofaviy xizmat ko‘rsatish turlari va qamrovini kengaytirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Oldin qabul qilingan chora-tadbirlarga ko‘ra, tadbirkorlar va aholining jami 19,5 trillion so‘mlik kredit qarzlarini to‘lash muddati 1 oktyabrgacha kechiktirilishi belgilangan edi.