So‘nggi kunlarda O‘zbekiston hududida ob-havo sharoitida keskin yomonlashuv ro‘y berdi, bu haqda ob-havo mutaxassislari oldindan ogohlantirgan edi.

O‘zgidrometning xabar berishicha, 7 aprel kuni respublikaning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘di, 8 aprel kuni yomg‘ir kuchaygan bo‘lsa, 9 aprelda kecha va kunduzi mamlakatning aksariyat qismida yomg‘ir qorga aylandi. Faqat Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kuzatilmadi.

Ba’zi joylarda respublikada shamolning tezligi 15−20 m/s gacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida esa 25 m/s gacha kuchaygan.

Havo harorati 8 aprel kuni kunduzi +3… +8 darajagacha, 9 aprelda kechasi esa 0… +3 darajagacha, ba’zi joylarda −2… −1 darajagacha tushdi.

Respublikaning markaziy va janubiy viloyatlarida qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilikdan keyin balandligi 2−8 sm, ayrim joylarda 10−20 sm gacha bo‘lgan beqaror qor qatlami shakllandi.Toshkentda 9 aprel kuni qor balandligi 15 sm ni tashkil qildi.

Respublikada kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik, shamol va haroratning keskin pasayishi Rossiyaning Yevropa hududi bo‘ylab hosil bo‘lgan sovuq va nam havo massasining Volgabo‘yi orqali O‘zbekiston hududiga kirib kelishi bilan bog‘liq.

«Aprel oyidagi qor yog‘ishi va qor qoplamining paydo bo‘lishi bizning iqlimimiz uchun juda kam uchraydigan hodisa», deya qayd etishdi sinoptiklar. — Oxirgi marta bu 2014 yilda bo‘lgan, ammo o‘sha vaqtda qor kamroq yoqqan, masalan, Toshkentda qor balandligi atigi 2 sm ga yetgan".

Aprelda 4−5 yilda bir marta, ayniqsa uning birinchi yarmida qisqa muddatga yomg‘irning qorga aylanishi kuzatiladi va bunda qor qoplamalari hosil bo‘lmaydi.

«Butun kuzatuvlar davomida Toshkentda eng kech qor yog‘ishi hodisasi 1989 yilning 30 aprelida qayd etilgan, — dedi O‘zgidromet vakili. — Bu haqiqatdan ham juda kam uchraydigan, noyob hodisa, o‘shanda aprel oyining oxiri va mayning birinchi kunlarida qish qisqa muddatga Toshkentga qaytgan edi. 30 aprelda qor yog‘ishi va may oyining dastlabki kunlarida kuzatilgan sovuq turli xil qishloq xo‘jaligi ekinlariga katta zarar yetkazgan edi».

«Aprel oyidagi ob-havo, albatta, juda o‘zgaruvchan, ammo joriy aprelda bunday jarayonning takrorlanishi dargumon, — deyishdi sinoptiklar. — Yaqin kunlarda harorat keskin ko‘tarila boshlaydi va kelajakda yomg‘ir shaklidagi yog‘ingarchilik nisbatan iliqroq bo‘ladi».

Yog‘ingarchilik vaqtidagi kuchli shamol sababi — havo oqimlari yo‘lida yer yuzasida atmosfera bosimining keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq. Antitsiklon o‘tayotgan vaqtda havo oqimi bosim yuqori bo‘lgan hududdan bosim past bo‘lgan hududga yo‘naladi.