O‘zbekiston prezidentining topshirig‘i bilan koronavirus tarqalishining oldini olishga ko‘maklashish uchun Tojikistonga insonparvarlik yordami jo‘natildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Mazkur insonparvarlik yordami koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashda birinchi navbatda ehtiyoj seziladigan tibbiy buyum va vositalar hamda oziq-ovqat mahsulotidan tarkib topgan. Xususan, yukdan himoya kombinezonlari va ko‘zoynaklari, suyuq natriy gipoxloridi, respiratorlar, qo‘lqop hamda pirometrlar, shuningdek, un mahsulotlari o‘rin olgan.

Xabarga ko‘ra, 9 aprel kuni insonparvarlik yordami yuklangan poyezd Surxondaryo viloyatidan Tojikistonning Dushanbe shahriga jo‘nab ketdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston COVID-19 koronavirus infeksiya tarqalishining oldini olishga ko‘maklashish uchun Xitoy, Qirg‘iziston, Eron, Afg‘onistonga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatgan.