Yo‘l-patrul xizmati va Milliy gvardiya hamda sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan 7 aprel kuni Toshkent yo‘llarida 758 ta yo‘l harakati qoidabuzarligi faktlari qayd etildi, deya xabar qildi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati. 450 ta avtomobil jarima maydonchasiga joylandi.

Xususan, 468 ta avtomobil shahar bo‘ylab ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlangan. Natijada stikersiz harakatlanayotgan haydovchilarning 271 ta avtoulovi jarima maydoniga joylashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, 6 aprel kungi reydlarda qayd etilgan 601 ta yo‘l harakati qoidabuzarligining 395 tasida avtomobillarning stikersiz boshqarilgan.

Qonunchilikka ko‘ra, ushbu haydovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54- moddasi 2- qismiga (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) ko‘ra bayonnomalar rasmiylashtiriladi. Mazkur moddada BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 460 ming so‘mdan 6 mln 690 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 30 baravaridan 50 baravarigacha (6 mln 690 ming so‘mdan 11 mln 150 ming so‘mgacha) miqdorda jarima ko‘zda tutilgan. Shuningdek, stikersiz avtomobillar O‘zbekistonda karantin bekor qilingunga qadar jarima maydonchasiga joylanadi.

Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda karantin eng oxirgi koronavirus bemori qayd etilganidan ikki hafta o‘tib bekor qilinadi.