O‘zbekiston va Rossiya koronavirus pandemiyasi sharoitida investitsion va savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash mexanizmlarini muhokama qildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

6 aprel kuni O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov ishtirokida bo‘lib o‘tgan videokonferensiya formatidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha bu haqda kelishuvga erishildi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama investitsion va savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan global inqiroz sharoitida ikkala mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro munosabatlari bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Hozirgi sharoitda har ikki mamlakatning iqtisodiyoti oldida turgan joriy muammolardan kelib chiqqan holda investitsion va savdo hamkorlik formati hamda o‘ziga xosligini moslashtirib, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini shakllantirish bo‘yicha kuchlarni birlashtirish o‘ta muhimligi ta’kidlandi.

Videokonferensiya chog‘ida o‘zaro manfaatli investitsion hamkorlik uchun istiqbolli takliflar paketi, jumladan, hamkorlikdagi yuqori texnologik agrosanoat klasterlarini hamda O‘zbekistondan Rossiyaga yetkazib beriladigan yangi meva-sabzavot va boshqa mahsulotlarni konsolidatsiya qilish, saqlash, qayta ishlash va taqsimlash maqsadida ulgurji-distribyutorlik markazlarini boshqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalarni yaratish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, sanoat sektorida: to‘qimachilik tarmog‘i, muqobil energetika, tog‘-kon sohasi, neftgaz sektori va mashinasozlikda investitsion hamkorlikning yuqori salohiyati belgilandi.

Har ikki mamlakat hududlari orqali to‘siqlarsiz yuk tashishni ta’minlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilishini nazarda tutgan holda, ikki mamlakat hukumatlarining o‘zaro savdo aloqalarini barqarorlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirish tarafdori ekanliklari ta’kidlandi. Bundan tashqari, hozirgi iqtisodiy vaziyatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmini oshirishga imkon beradigan tarif va notarif tartibga solish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha doimiy ishlovchi o‘zaro munosabatlar mexanizmini — O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Sanoat va savdo vazirligi rahbariyatining chambarchas aloqalari orqali sanoat kooperatsiyasi va savdo kelishuvlarining birgalikdagi tashabbuslarini yaratishga kelishib oldilar. Bir oylik muddatda aniq o‘zaro manfaatli loyihalar amalga oshirilishini nazarda tutuvchi iqtisodiy hamkorlikning yangi dasturini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.