O‘zbekistonga qaytishni istamagan shaxs fuqaroligidan mahrum qilinishi haqidagi xabarlar Tashqi ishlar vazirligi tomonidan rad etildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston prezidenti 10 aprelga qadar mamlakat fuqarolarini qaytarish to‘g‘risida farmon imzolagani, qaytishni istamaganlar O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinishi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Tashqi ishlar vazirligi ushbu xabar yuzasidan chet eldagi diplomatik vakolatxonalarga va vazirlikka ko‘plab murojaatlar kelib tushganini ma’lum qildi.

Vazirlik ushbu xabar hech qaysi rasmiy manbalarda e’lon qilinmaganligi bois haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Barcha muhim qarorlar rasmiy axborot resurslari orqali yetkazilishi eslatib o‘tildi.

Shuningdek, fuqarolardan asossiz xabarlarni tarqatmaslik, ijtimoiy tarmoqlardagi biror ma’lumotni bo‘lishishdan oldin uni rasmiy manbalar orqali tekshirib ko‘rish so‘ralgan.