Kredit ta’tillari davomida kreditdan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishi davom etadi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Koronavirus ta’sirini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlarga muvofiq, moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik sub’ektlari va jismoniy shaxslarga banklar tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish muddati 1 oktyabrga qadar kechiktirilgan edi.

Markaziy bank kredit tashkilotlarining qarz oluvchilariga murojaatida kredit bo‘yicha to‘lov muddatlari kechiktirilgan davrda ham foizlar hisoblanishda davom etishini, ushbu foizlar kechiktirilgan muddat tugaganidan so‘ng to‘lanilishi lozimligini ma’lum qildi.

Markaziy bank hozirgi kunda kredit bo‘yicha to‘lovni amalga oshirishga moliyaviy imkoniyati bo‘lgan qarzdorlarga o‘z kreditlarini kredit shartnomalarida belgilangan muddatlarda so‘ndirishni davom ettirishni tavsiya etdi. Shu orqali kelgusida qarz oluvchilarda qarz summasi oshib ketishining oldini olish mumkinligi aytib o‘tildi.

Markaziy bank o‘z murojaatida tijorat banklari tomonidan ushbu qarorlar yuzasidan aholi o‘rtasida keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borilmayotganligi, ayrim banklarda bunday qarzdorlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqilmayotgani kuzatilayotganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, mijozlar bilan aloqa kanallari (veb-sayt, ishonch telefoni, telegram-bot) uzluksiz ishlashi ta’minlanmagani ta’kidlangan.

Shu munosabat bilan, Markaziy bank tijorat banklari rahbarlariga karantin davrida turli vositalar orqali bank bilan bog‘lanish bo‘yicha aloqa kanallari (veb-sayt, ishonch telefoni, telegram-bot) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keng targ‘ib qilishni tavsiya etgan. Mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirish tartibi (shu jumladan, ko‘p beriladigan savollarga batafsil javob berish) yuzasidan muntazam ravishda tushuntirish ishlarini olib borish so‘ralgan.