Koronavirus infeksiyasi aniqlangan Toshkent viloyatida yashovchi 40 yoshli fuqaro o‘pka va yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi fuqaro Sh. 30-mart kuni tez tibbiy yordam orqali og‘ir ahvolda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga barcha zarur muolajalar ko‘rsatilgan.

31- mart kuni bemorga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida respublika Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga o‘tkazilgan. Laborator tahlil natijasi unda koronavirus infeksiyasi borligini tasdiqlagan.

40 yoshli bemor ushbu klinikaning reanimatsiya bo‘limida sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan. Davolash standartlariga muvofiq, virusga qarshi, antibakterial, infuzion, mukolitik, simptomatik va respirator terapiya muolajalari ham olib borilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi soha mutaxassislari ushbu jarayonda tavsiyalar berib borganligini ma’lum qildi.

Reanimatsion muolajalarga qaramasdan, 7 aprel oqshomida bemorning ahvoli keskin yomonlashgan. Yetakchi reanimatolog va bosh torakal xirurg Sh. Xudoybergenov boshchiligidagi mutaxassislardan kerakli tavsiyalar olingan. Berilgan tavsiyalarni to‘liq bajarilishiga qaramasdan bemorda yurak va o‘pka yetishmovchiligi sabab yurak faoliyati to‘xtagan.