Jahon banki O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash tizimini, ijtimoiy himoya institutlari va muassasalarini hamda byudjet ko‘magini moliyalashtirish uchun 1,2 mlrd AQSH dollari miqdorida mablag‘larni operativ tarzda ajratish masalasi faol ko‘rib chiqilayotganini bildirdi. Bu haqda Investitsiya va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, 6 aprel kuni O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari — tashqi savdo va investitsiyalar vaziri S. Umurzoqov Jahon banki Guruhi vitse-prezidenti S. Myuller bilan videokonferensiya aloqasi o‘tkazishdi.

Jahon banki rahbariyati O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash tizimini, ijtimoiy himoya institutlari va muassasalarini hamda byudjet ko‘magini moliyalashtirish uchun 1,2 mlrd dollar miqdorida mablag‘larni operativ tarzda ajratish masalasi ham faol ko‘rib chiqilayotganini bildirdi.

Mazkur mablag‘lar joriy yilning mart oyida tasdiqlangan kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish loyihalarini va qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan 700 mln dollar miqdoridagi kredit liniyalariga qo‘shimcha bo‘lishi ma’lum qilindi.

Jahon banki O‘zbekistonning inqirozga qarshi dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun Strategik tayyorgarlik va javob dasturi mablag‘larining bir qismini (Jahon bankining global operatsion moliyalashtirish paketining umumiy hajmi 14 milliard dollarni tashkil etadi) safarbar etishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Jahon banki tomonidan COVID-19 koronavirusiga qarshi kurash uchun tezkor ravishda taqdim etilayotgan birinchi moliyalashtirish dasturi doirasida dunyoning turli mintaqalaridagi 25 ta davlatga qariyb 2 milliard dollar miqdorida yordam berilishi ma’qullangan. Ular qatorida Afg‘onistonga 100 mln dollar, Tojikistonga 11,3 mln dollar va Qirg‘izistonga 12,15 mln dollar ajratildi.