Yo‘l-patrul xizmati, Milliy gvardiya hamda sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan 6 aprel kuni Toshkent yo‘llarida 601 ta yo‘l harakati qoidabuzarligi qayd etildi, deya xabar berdi IIBB matbuot xizmati.

Reydlar davomida 398 ta avtomobil jarima maydonchasiga joylandi. Xususan, 395 ta holatda avtomobil shahar bo‘ylab ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlangan.

Ularga nisbatan Sanitariya epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan huquqbuzarlik bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54- moddasi 2- qismiga (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) ko‘ra bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, 30 martdan buyon Toshkent va Nukus shaharlari hamda barcha viloyat markazlarida maxsus ruxsatnomasiz transport vositalarining harakatlanishi taqiqlangan edi. Ushbu taqiqqa qaramasdan stikersiz avtomobil boshqarganlarga nisbatan MJTKning yuqorida keltirilgan moddasiga binoan, BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 460 ming so‘mdan 6 mln 690 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa -30 baravaridan 50 baravarigacha (6 mln 690 ming so‘mdan 11 mln 150 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi. Ularning avtomobillari esa O‘zbekistonda karantin bekor qilingunga qadar jarima maydonchasiga joylanadi.