2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlaridan jami 47 ta tibbiyot kolleji Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari etib qayta tashkil etiladi. Prezidentning «Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida bu haqda so‘z boradi, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.

Qarorda ushbu texnikumlarning moddiy-texnik bazasini yanada kuchaytirish, o‘quv-simulyatsion auditoriyalarni tashkil etish, o‘quv reja va fan dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, jumladan, valeologiya, tibbiy psixologiya, diyetologiya, kineziologiya, reabilitologiya fani chuqurlashtirilgan holda o‘qitish belgilandi.

Shuningdek, hujjatga ko‘ra tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda mazkur texnikumlarda masofaviy ta’lim dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish kabi vazifalar ijrosiga e’tibor qaratiladi.

Mazkur texnikumlarni muvaffaqiyatli bitiruvchilari tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida imtihonsiz, suhbat orqali bakalavriatning 2-kursidan o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.